Bosh sahifa

Ommaviy oferta

NeoKassa dasturidan foydalanish shartnomasi. «NeoKassa» — dastur nomi; shartnoma tomoni (ijrochi) — XXX, bu matnda «NeoKassa» deganda shu shaxs tushuniladi. Bu — uning cheklanmagan doiradagi shaxslarga qilingan taklifi — ommaviy oferta (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, bundan keyin FK, 369-modda). Uni shu matnda aytilgan tartibda qabul qilgan shaxs bilan shartnoma shu shartlar asosida tuzilgan hisoblanadi.

1. Atamalar

2. Shartnoma predmeti

NeoKassa Do‘konga Dasturdan internet orqali foydalanish imkonini beradi: savdo, qarz daftari, ombor, hisobot, Telegram xabarlar. Dastur NeoKassa serverida ishlaydi; Dasturning o‘zi, uning nusxasi yoki kodi sotilmaydi va berilmaydi.

Internet uzilsa, kassa oldindan yuklab olingan ma'lumot (tovar, narx, qoldiq) bilan savdoni davom ettiradi; bunday cheklar internet qaytgach serverga yuboriladi. Internetsiz ayrim amallar ishlamaydi; server qabul qilmagan chek Dasturda alohida ko‘rsatiladi va uni Do‘kon ko‘rib chiqadi.

NeoKassa fiskal (soliq) chek chiqarmaydi va onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa o‘rnini bosmaydi. Soliq chekini Do‘kon o‘z apparatidan chiqaradi; soliq va kassa talablariga rioya qilish — Do‘kon zimmasida.

3. Shartnoma qanday tuziladi

Do‘kon saytda ariza qoldiradi yoki NeoKassa bilan bog‘lanadi va o‘zi haqida ma'lumot beradi: MChJ — nomi, STIR, rahbari, manzili; YaTT — F.I.Sh., STIR yoki JSHSHIR, guvohnomasi; jismoniy shaxs — F.I.Sh., JSHSHIR, manzili. NeoKassa Do‘konni Dasturda ochadi va Direktorga kirish beradi.

Direktor Dasturga birinchi kirib parol qo‘yayotganda «Shartnoma shartlarini o‘qidim va qabul qilaman» belgisini qo‘yadi. Shu belgi — ofertani to‘liq va so‘zsiz qabul qilish (aksept, FK 370-modda; elektron xabar shaklidagi aksept — Elektron tijorat to‘g‘risidagi qonun 19-modda). NeoKassa kim, qachon va qaysi tahrirni qabul qilganini hamda u qaysi IP manzildan kirganini yozib qo‘yadi. Qabul qilingan matnning o‘zi va uning SHA-256 xeshi o‘zgartirib ham, o‘chirib ham bo‘lmaydigan arxivda saqlanadi — keyin qaysi matn qabul qilinganini tekshirish mumkin.

Do‘kon belgi qo‘ymasdan oylik narxni to‘lasa ham ofertani qabul qilgan hisoblanadi (FK 370-moddaning to‘rtinchi qismi).

Shartnoma aksept NeoKassa serveriga kelgan paytda (server vaqti bilan) tuzilgan hisoblanadi va yozma shaklda tuzilgan deb tan olinadi (FK 366-modda). Do‘konga mijoz raqami va shartnoma raqami beriladi; ular o‘zgarmaydi.

Do‘kon o‘zi haqida to‘g‘ri ma'lumot beradi va u o‘zgarsa, NeoKassaga xabar qiladi. Noto‘g‘ri ma'lumot oqibati — Do‘kon zimmasida.

4. Kirish va xodimlar

NeoKassa Do‘kon hisobini himoya qilish uchun (masalan, parol begona qo‘lga o‘tgan deb gumon bo‘lsa) Do‘kon kirishini vaqtincha to‘xtatishi mumkin; bu haqda Do‘konga darhol xabar beradi va xavf yo‘qolgach kirishni qayta ochadi.

5. Sinov muddati va narx

Birinchi oy — tekin. Keyin Do‘kon oylik narxni to‘laydi; paket savdo joyi, xodim va mijoz soniga qarab belgilanadi. Narxlar va paketlar — saytdagi «Narxlar» bo‘limida.

Narx o‘zgarsa, kamida 30 kun oldin saytda e'lon qilinadi va Do‘konga xabar beriladi; bu — sezilarli o‘zgarish, «Tahrir va o‘zgartirish tartibi» bo‘yicha qabul qilinadi. Yangi narx tahrir kuchga kirgandan keyingi birinchi yechish kunidan yechiladi. Yechilgan oy uchun narx o‘zgarmaydi.

To‘lov qilinmasa, NeoKassa xizmatni quyidagi «To‘lov tartibi» bo‘yicha cheklaydi. Ma'lumot bu bilan o‘chirilmaydi: to‘lovdan keyin ish davom etadi.

6. To‘lov tartibi

Har Do‘konga 6 xonali mijoz raqami va 8 xonali shartnoma raqami beriladi. To‘lov shartnoma raqami bilan qilinadi va shu Do‘kon hisobiga yoziladi.

To‘lov yo‘li: bank o‘tkazmasi — hisob raqami Do‘konga yozma xabar bilan beriladi. To‘lov tasdig‘i (chek) to‘lov qilingan ilovada yoki bankda qoladi. MChJ yoki YaTT so‘rasa, elektron hisob-faktura beriladi.

Do‘kon hisobiga istalgan summani to‘lashi mumkin. Oylik narx oyda bir marta — Do‘kon Dasturda ochilgan kunning sanasida (tekin oy shu kuni tugaydi; savdo to‘xtab qayta ochilsa — qayta ochilgan kun sanasida) — to‘liq yechiladi; pul yetmasa, qisman yechilmaydi. Oyda bunday sana bo‘lmasa (masalan, 31-sana), narx o‘sha oyning oxirgi kunida yechiladi, keyingi oyda — yana asl sanada. Sana Toshkent vaqti bilan, Do‘konning savdo kuni bo‘yicha olinadi (savdo kuni qaysi soatda tugashi — Do‘kon sozlamasida).

Paket yechish kuni o‘zi tanlanadi: Do‘konning faol savdo joylari, xodimlari va mijozlari soniga sig‘adigan eng arzoni. Faol savdo joyi — yopilmagan va savdo qiladigan filial (faqat ombor sanalmaydi). Faol xodim — Dasturga kira oladigan xodim, Direktor ham; u oxirgi marta qachon kirgani ahamiyatsiz, kirishi yo‘q ro‘yxatdagi xodim sanalmaydi. Mijoz — oxirgi bir yilda nomiga kamida bitta xarid yozilgani; u Do‘kon bo‘yicha bir marta sanaladi — bir necha filialda xarid qilsa ham bitta. Bitta telefon raqami — bitta mijoz; telefonsiz ikki karta — ikki mijoz. Oy ichida hech narsa bloklanmaydi; paket pastga ham tushadi.

Yechish kuni hisobda oylik narxga pul yetmasa, shu kundan boshlab Dasturda 7 kun ogohlantirish chiqadi, 8-kuni savdo kuni boshida yangi savdo to‘xtaydi. Qarz to‘lovini olish, qaytarish, kassa, hisobot va Excel ishlayveradi, hech narsa o‘chmaydi; hisobdagi pul oylik narxga yetishi bilan savdo qayta ochiladi.

7. Shaxsga doir ma'lumotlar

Do‘kon kiritgan hamma ma'lumot — tovar, mijoz, savdo, qarz — Do‘konniki.

Do‘kon o‘z mijozlari va xodimlari haqidagi shaxsga doir ma'lumotlar bazasining mulkdori va operatori. NeoKassa bu ma'lumotga faqat Do‘kon topshirig‘i bilan va shu shartnomani bajarish uchun ishlov beradi (Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonun 31-modda) — maxfiylik siyosatida batafsil.

Ma'lumot egalaridan (mijoz, xodim) qonunda talab qilingan rozilikni, shu jumladan ularning ma'lumotiga NeoKassa ishlov berishiga rozilikni olish — Do‘kon zimmasida.

8. Dastur kimniki

Dastur, uning kodi, ko‘rinishi, nomi va belgisi — NeoKassa mulki. Do‘konga faqat shu shartnoma davomida foydalanish imkoni beriladi.

Do‘kon Dasturni nusxalamaydi, sotmaydi, ijaraga bermaydi, kodini ochishga urinmaydi va unga boshqa shaxsni o‘z nomidan kiritmaydi.

9. Tomonlar majburiyati

NeoKassa:

Do‘kon:

10. Uzilish va javobgarlik chegarasi

Internet, server yoki yangilanish sababli xizmat vaqtincha to‘xtashi mumkin; NeoKassa uni imkon qadar tez tiklaydi.

NeoKassa o‘z aybi bilan yetkazilgan haqiqiy zararni qoplaydi; uning miqdori Do‘kon zarar yetkazilgan oy uchun to‘lagan oylik narxdan oshmaydi. Boy berilgan foyda qoplanmaydi (zararni kamroq miqdorda to‘lashni shartnoma belgilashi mumkin — FK 14-modda).

Bu cheklov majburiyatni qasddan buzishga taalluqli emas (FK 333-modda). Do‘kon iste'molchi (shaxsiy ehtiyoji uchun xizmat olayotgan jismoniy shaxs) bo‘lsa, uning qonunda berilgan huquqlari bu shartnoma bilan cheklanmaydi.

Xodim xatosi yoki parol oshkor bo‘lishi oqibati — Do‘kon zimmasida.

11. Uchinchi tomon xizmatlari

Dastur ishlashi uchun NeoKassa boshqa tashkilotlarning xizmatidan foydalanadi: server ijarasi (hosting), Telegram, to‘lov qabul qiladigan bank yoki to‘lov tizimi.

Bu xizmatlardan birining to‘xtashi yoki ishdan chiqishi — «Uzilish va javobgarlik chegarasi» bo‘limidagi vaqtincha uzilish. NeoKassa faqat o‘z aybi uchun javob beradi; javobgarlik miqdori o‘sha bo‘limdagi chegaradan oshmaydi. NeoKassaning o‘z xatosi — masalan, xizmatni noto‘g‘ri ulashi yoki ehtiyotsizligi — uchun javobgarligi saqlanadi.

12. Fors-major

Tomonlar o‘z irodasidan tashqari holat — tabiiy ofat, yong‘in, urush, davlat qarori, umumiy elektr yoki internet uzilishi — tufayli majburiyatni bajara olmasa, javob bermaydi. Bunday holatda ikkinchi tomonga imkon qadar tez xabar beriladi.

Fors-major undan oldin yuzaga kelgan to‘lov majburiyatini bekor qilmaydi.

13. Muddat, bekor qilish va ma'lumot

Shartnoma muddatsiz: Do‘kon foydalanayotgan vaqt davomida amal qiladi.

Do‘kon istalgan vaqtda xizmatdan voz kechishi mumkin — NeoKassaga yozma xabar beradi (Telegram yoki elektron xat). Yechilgan oy oxirigacha Dastur ishlaydi; shartnoma shu kuni tugaydi.

Ketishdan oldin Do‘kon mijozlar, savdo, qarz va hisobotlarni Excel’ga o‘zi yuklab oladi.

Shartnoma tugagach, Do‘kon ma'lumoti kamida 30 kun saqlanadi: bu orada Do‘kon qaytsa, ish davom etadi. Keyin NeoKassa ma'lumotni o‘chirishi mumkin; Do‘kon so‘rasa — o‘chiriladi. O‘chirilgan ma'lumot zaxira nusxalardan yana 14 kun ichida o‘zi o‘chadi.

O‘chirishdan oldin — 30 kun tugashidan avval — NeoKassa Do‘konga xabar beradi, toki Do‘kon ma'lumotini Excel’ga yuklab olishga ulgursin. Qonun bo‘yicha saqlanishi shart bo‘lgan yozuvlar (masalan, to‘lov va hisob-faktura hujjatlari) qonunda belgilangan muddat saqlanadi.

Do‘kon shu shartlarni buzsa, NeoKassa unga yozma xabar beradi va buzilishni tuzatish uchun 30 kun muddat beradi. Do‘kon shu muddatda tuzatmasa, NeoKassa shartnomani bekor qilishi mumkin; bu orada Do‘kon ma'lumotini Excel’ga yuklab oladi.

14. NeoKassa xizmatni to‘xtatsa

NeoKassa xizmatni butunlay to‘xtatishga qaror qilsa, Do‘konga kamida 60 kun oldin yozma xabar beradi. Bu muddatda Dastur ishlaydi, oylik narx odatdagidek yechiladi va Do‘kon o‘z ma'lumotini Excel’ga yuklab oladi.

Oxirgi yechilgan oyning ishlatilmagan kunlari puli qaytariladi. Formula hammaga bir xil: oylik narx ÷ o‘sha davr kunlari (yechilgan kundan keyingi yechish kunigacha) × ishlatilmagan kunlar (xizmat to‘xtagan kundan keyingi yechish kunigacha), so‘mgacha yaxlitlanadi. Misol: oylik narx 20-dekabrda yechilgan, davr 20.12–20.01 — 31 kun; xizmat 05.01 da to‘xtasa, 15 kun ishlatilmagan — oylik narxning 15/31 qismi qaytadi.

Hisobda qolgan ishlatilmagan pul ham «Pulni qaytarish» bo‘limidagi tartibda qaytariladi.

15. Pulni qaytarish

Do‘kon xizmatdan voz kechsa, hisobida qolgan ishlatilmagan pul qaytariladi. Yechilgan oy uchun pul qaytarilmaydi — o‘sha oy oxirigacha Dastur ishlaydi (NeoKassa xizmatni to‘xtatgan hol bundan mustasno — «NeoKassa xizmatni to‘xtatsa» bo‘limi).

Pul faqat Do‘kon nomidagi bank hisobiga yoki bank kartasiga, shartnoma raqami yozilgan so‘rovdan keyin 10 ish kuni ichida o‘tkaziladi. So‘rov: contact@neokassa.uz.

16. Xabarlar va hujjatlar

NeoKassa Do‘konga Do‘kon bergan telefon, Telegram yoki elektron pochta orqali yozadi. Do‘kon NeoKassaga — contact@neokassa.uz.

Telegram yoki elektron pochta orqali yuborilgan xabar yozma xabar hisoblanadi (FK 366-modda).

17. Tahrir va o‘zgartirish tartibi

Har oferta matni sanali tahrir bo‘lib e'lon qilinadi; amaldagi tahrir sanasi sahifa pastida. Avvalgi tahrirlar NeoKassa da saqlanadi va Do‘kon so‘rasa beriladi.

NeoKassa shartlarni o‘zgartirishi mumkin. Har o‘zgarish — sezilarli yoki texnik; shartlar hamma Do‘konga bir xil.

Sezilarli o‘zgarish — narx, javobgarlik, ma'lumotni saqlash yoki o‘chirish, Do‘kon huquq va majburiyatlari o‘zgarsa yoki Dasturning asosiy imkoniyati sezilarli kamaysa. Yangi tahrir saytda e'lon qilinadi va Do‘konga Dasturda xabar beriladi; u e'londan 30 kun o‘tib kuchga kiradi. Direktor yangi tahrirni Dasturda «qabul qilaman» belgisi bilan qayta qabul qiladi — oldingi tahrirni qabul qilgan Do‘kon ham; Do‘konda bitta Direktor qabul qilsa yetadi. Qabul qilish muddati — tahrir kuchga kirgan kundan keyingi (yoki o‘sha) birinchi oylik yechish kuni.

Muddatgacha qabul qilinmasa, o‘sha kuni savdo kuni boshidan Do‘konda yangi savdo to‘xtaydi: qarz to‘lovini olish, qaytarish, kassa, hisobot va Excel ishlayveradi, hech narsa o‘chmaydi; oylik narx ham yechilmaydi. Direktor qabul qilishi bilan savdo darhol ochiladi: oylik narx qabul qilingan kuni yechiladi va yangi oy shu kundan boshlanadi (pul yetmasa — «To‘lov tartibi» bo‘limidagi 7 kunlik ogohlantirish shu kundan).

Yangi tahrirda narx o‘zgarsa, yangi narx shu muddat kunidan (o‘sha kuni qabul qilinmagan bo‘lsa — qabul qilingan kundan) yechiladi; undan oldin yechilgan oy uchun narx o‘zgarmaydi.

Yangi shartlarga rozi bo‘lmagan Do‘kon xizmatdan voz kechadi («Muddat, bekor qilish va ma'lumot» bo‘limi); hisobdagi ishlatilmagan pul «Pulni qaytarish» bo‘limidagi tartibda qaytariladi.

Texnik yoki tahririy o‘zgarish — imlo, havola, aniqlik kiritish, Do‘kon huquq va majburiyatlarini o‘zgartirmaydi — Do‘konga xabar beriladi va e'lon qilingan kundan hamma Do‘konga amal qiladi; qayta qabul qilish talab qilinmaydi, savdo to‘xtamaydi.

18. Nizolar

Nizo avval yozma talabnoma va muzokara bilan hal qilinadi. Kelishilmasa — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sudda.

Do‘kon iste'molchi bo‘lsa, o‘zi yashaydigan joydagi sudga ham murojaat qilishi mumkin (Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun 29-modda).

19. Til va yakuniy qoidalar

Oferta o‘zbek (davlat tili) va rus tillarida e'lon qilinadi; matnlar farq qilsa, o‘zbekcha matn asosiy (Elektron tijorat to‘g‘risidagi qonun 21-modda).

Shartnomada aytilmagan masala O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha hal qilinadi.

Bitta band haqiqiy emas deb topilsa, qolgan bandlar kuchda qoladi.

Rekvizitlar

Ijrochi
XXX
STIR
XXX
Guvohnoma
XXX
Elektron pochta
contact@neokassa.uz

Tahrir: 19.11.2026